Yurisprudensiya

3-son 2025-yil

Raximov Dilmurodjon Gʻulomjon oʻgʻli

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi katta oʻqituvchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti doktoranti, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Annotatsiya
Mazkur maqolada hozirgi kunda jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan hamda kundalik hayotning barcha jabhalariga chuqur kirib borayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari haqida umumiy ma’lumot berilgan. Sun’iy intellektning asosiy turlari, funksiyalari va vazifalariga ko‘ra tasnifi keltirilgan. Shuningdek, ushbu texnologiyalarni davlat boshqaruvi sohasiga tatbiq etishning afzalliklari va istiqbollari yoritilgan. Maqolada xorijiy mamlakatlarning davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanish borasidagi tajribalari va ularning amaliyotidan misollar keltirilgan. Xususan, bu boradagi huquqshunos olimlar, sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro mutaxassislar va amaliyotchilarning fikr-mulohazalari o‘rganilgan. …

Ruzinazarov Shuxrat Nuraliyevich

Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori, Turon Fanlar akademiyasi akademigi

Annotatsiya
Maqolada raqamli transformatsiyalashuv sharoitida xususiy huquqda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishning metodologik muammolari va takomillashtirish yoʻnalishlari tahlil qilingan. Raqamli reallik davrida fuqarolik-huquqiy tadqiqotlarning predmeti, mazmuni va uslubiy yondashuvlariga qoʻyilayotgan talablar mavjudligiga qaramay, dissertatsion tadqiqotlarning nazariy va amaliy asoslari yetarli darajada shakllanmagani mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Muallifning aytishicha, ilmiy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha va kategoriyalarning nazariy gnoseologik taʼrifi tadqiqot doirasida tugal sivilistik mazmun kasb etmaydi. …

G‘aybullayev Alisher Ismatovich

O‘zbekiston Respublikasi IIV Tashkiliy boshqarmasi, yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori

Annotatsiya
Zamonaviy davrda tovarlarni omonat saqlash munosabatlarining mazmuni, mohiyati hamda iqtisodiy aloqalar tizimidagi o‘rni tubdan o‘zgardi, deb aytish mumkin. Asosan, shartnomadagi tomonlarning huquq va majburiyatlari doirasining kengayib borishi bevosita raqobat, talab va taklif, tashabbuskorlik hamda subyektlarga berilgan keng imkoniyatlar natijasidir. Shu bois ushbu maqolada tovar omborida omonat saqlash munosabatlarini fuqarolik-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish, O‘zbekiston qonunchiligiga ushbu sohada mavjud muammolar va ularning yechimi uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar kiritilishi zarurati tahlil qilingan. Tadqiqotda tarixiy va tizimli yondashuv, analiz va sintez, qiyosiy-huquqiy tahlil, normativ-huquqiy va amaliy tahlil, shuningdek, statistik ma’lumotlarni umumlashtirish hamda mantiqiy xulosalar chiqarish kabi metodlardan foydalanildi. …

Qilichova Munira Azimjon qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti

Annotatsiya
Ushbu maqolada mudoraba shartnomasi asosida jalb qilingan kapitalni kafolatlash masalasi shariat nuqtayi nazaridan tahlil etiladi. Islomiy moliya tizimida mudoraba – bu foyda olish maqsadida tuziladigan sheriklik shakli bo‘lib, unda moliyaviy zararlar faqat investor (rabb-ul-mal) zimmasiga yuklanadi. Mudorib esa faqatgina o‘zining beparvoligi, xatoliklari yoki shartnomaga zid harakatlari natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun javobgar hisoblanadi. Maqolada olimlar tomonidan ilgari surilgan ikki xil yondashuv yoritiladi. Birinchi guruh mutaxassislar kapital kafolatini mudoraba shartnomasining asl mohiyatiga zid deb hisoblaydi, chunki bu holat shartnomani foizli qarzga yaqinlashtiradi va islom moliya prinsiplariga mos kelmaydi. Ularning fikricha, kafolat talabi mudorabani nohalol moliyaviy amaliyotga aylantiradi. Ikkinchi guruh esa uchinchi tomon tomonidan kafolat berilishi mumkinligini asoslashga harakat qiladi va bu orqali investorlarning ishonchini oshirish hamda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsad qilinadi. …

G‘afforov Mehrangiz Shavkatovich

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqola ulushdorni turar joylarni ulush kiritish asosida qurish shartnomasining zaif tarafi sifatida tan olish va uni himoya qilishning huquqiy mexanizmlari tahliliga bag‘ishlangan. Tadqiqotning obyekti quruvchi va ulushdor o‘rtasida vujudga keladigan fuqarolik-huquqiy munosabatlar, predmeti esa shartnomaviy tengsizlik sharoitida ulushdor manfaatlarini huquqiy ta’minlash usullari hisoblanadi. Ushbu tadqiqot doirasida mahalliy va xorijiy yuristlarning ulushli uy-joy qurilishi ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish masalasiga oid huquqiy normalari va nazariy qarashlaridan foydalanildi. Shuningdek, qiyosiy-huquqiy usul, tahlil va sintez, kuzatish, umumlashtirish, induksiya va deduksiya usullari qoʻllandi. …

Sidikov Rustam

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada xalqaro havo huquqi doirasida uchuvchisiz uchish apparatlarini tasniflash va tartibga solishning huquqiy jihatlari o‘rganilgan. Shuningdek, 1944-yildagi Chikago konvensiyasi qoidalaridan tortib zamonaviy IKAO standartlari va tavsiyalarigacha bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparatlarining huquqiy maqomini belgilashga doir xalqaro huquqiy yondashuvlarning evolyutsiyasi tahlil qilingan. Maqolada, ayniqsa, uchuvchisiz uchish apparatlarini tasniflash muammolariga, shu jumladan, terminologik nomuvofiqliklar va vazn, maqsad hamda texnik xususiyatlarga asoslangan turli taksonomik yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, davlatning o‘z hududi doirasidagi havo bo‘shlig‘iga nisbatan suverenitetining asosiy masalalari chegaralararo uchuvchisiz uchish apparati operatsiyalari va suverenitetning vertikal chegaralari kontekstida ko‘rib chiqildi. Davlat va xususiy uchuvchisiz uchish apparatlari o‘rtasidagi huquqiy farq o‘rganilib, turli yurisdiksiyalarda ularni tasniflash mezonlari tahlil qilindi. …

Sarabekov A’zamjon Abduqodirovich

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada blokcheyn texnologiyasi va smart-kontraktlarni fuqarolik-huquqiy munosabatlar sohasiga integratsiyalash, ularning qoʻllanishi bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar va yuzaga keladigan muammolarga e’tibor qaratish masalasi ko‘rib chiqiladi. Mazkur texnologiyalar moliya, ta’minot zanjirlarini boshqarish va ko‘chmas mulk bozori kabi turli sohalarni tubdan o‘zgartirish davom etayotgan bir paytda, ularni tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlarning mavjudligi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Maqolaning maqsadi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda blokcheyn va smart-kontraktlardan foydalanishni kompleks tahlil qilish, turli yurisdiksiyalarda huquqiy muammolar, joriy sud amaliyoti va tartibga solishning yondashuvlarini o‘rganishdan iborat. …

Ziyamov Boburxon

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqolada raqamli diplomatiya kontekstida sunʼiy intellektni tartibga solishning huquqiy jihatlari oʻrganilgan. Muallif raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi taʼsiri ostida anʼanaviy diplomatik institutlarning transformatsiya jarayonini koʻrib chiqadi, mavjud xalqaro huquqiy mexanizmlar va ularning yangi diplomatik amaliyotlarda qoʻllanishini tahlil qiladi. Raqamli diplomatiyada yuridik javobgarlik, maʼlumotlar suvereniteti, algoritmik shaffoflik va atributsiya muammolariga alohida eʼtibor qaratiladi. Tadqiqot uning obyektini toʻliq oʻrganishni taʼminlaydigan ilmiy usullar va yondashuvlar majmuiga asoslangan. Rasmiy-yuridik uslub orqali amaldagi xalqaro huquq doirasida sunʼiy intellekt diplomatik tizimlarining huquqiy maqomi aniqlangan. …

Хаbibullayev Davlatjon Yulchiboyevich,

Тоshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor

Annotatsiya
Mazkur maqolada fuqarolik sud ishlarini yuritishda vakillik instituti, ahamiyati va oʻziga xos xususiyatlari tahlil etilgan. Xususan, fuqarolik sud ishlarini yuritishda vakillik qilish tushunchasi, uning ahamiyati va bu borada huquqshunos olimlarning ilmiy-nazariy qarashlari oʻrganib chiqilgan. Suddagi vakillik tushunchasi tahlil qilinib, ushbu tushunchaga mualliflik taʼrifi ishlab chiqilgan. Shuningdek, ushbu maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi “Vakillikka doir fuqarolik protsessual qonunchiligi normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonuni tahlil etilib, bu boradagi huquqshunos olimlarning ilmiy-nazariy qarashlari tadqiq etilgan. …

Xudoynazarov Dadaxon Avaz oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi kafedrasi mudiri oʻrinbosari, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori

Annotatsiya
Ushbu maqolada mediatsiyaning oilaviy nizolarni hal etishdagi o‘ziga xos jihatlari va ahamiyati, oilaviy nizolarda ishtirok etuvchi tomonlarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish mexanizmlari, mediatsiyaning sud muhokamasidan afzalliklari, shuningdek, xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda xorijiy va mahalliy huquqshunos olimlarning fikrlari o‘rganildi. Tadqiqotda, ayniqsa, tarixiy va qiyosiy metodlardan foydalanib, mediatsiya institutining mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri mavjudligi tahlil qilindi. Shuningdek, milliy qonunchilikda mavjud bo‘lgan bo‘shliqlar va ularni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mediator ishtirokiga doir ijobiy va salbiy tomonlar aniqlandi. …

Nigmatov Ruftullo Olimdjonovich

IIV Akademiyasi boshligʻining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari, PhD, professor

Annotatsiya
Maqolada Buyuk Britaniya jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimining huquqiy asoslari, asosiy qonunlari va dasturlari tahlil qilinib, ushbu tajribaning Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Jumladan, Buyuk Britaniya davlatining qonunchilik tizimi va profilaktik strategiyalari, jamoatchilik bilan hamkorlik, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish tajribasi, qolaversa, ushbu davlatda jinoyatchilik darajasining oʻzgarishi, muayyan jinoyat turlarining koʻpayishi yoki kamayishi sabablari, mazkur sohada erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar oʻrganildi. Tadqiqotda umumiy tahlil, qiyosiy-huquqiy tahlil, sintez, kuzatish, umumlashtirish, induksiya va deduksiya usullaridan foydalanildi. Buyuk Britaniya qonunlari va amaliy dasturlari samaradorligi baholanib, Oʻzbekiston uchun foydali model sifatida koʻrildi. …

Xudaybergenov Baxram Kuanishbaevich

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori

Paraxatova Shaxnoza Yernazarovna

Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti

Annotatsiya
Maqola jinoyat protsessida tergov harakatlaridan biri sifatida ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish jarayonini oʻrganishga bagʻishlangan. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksidagi ushbu tartibni normativ tartibga solishning nazariy va amaliy jihatlari koʻrib chiqiladi, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini qiyinlashtiradigan mavjud huquqiy boʻshliqlar aniqlanadi. Namunalar olinishi mumkin boʻlgan shaxslar doirasi, ularni majburan olib qoʻyish imkoniyatlari, shuningdek, mazkur protsessual tartib-taomilni boshqa tergov harakatlari doirasida oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar tahlil qilinadi. …

Sadriddinova Latofat Husniddin qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti

Annotatsiya
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida oʻz ifodasini topgan hukmlarning, ajrimlarning va qarorlarning qonuniyligi, asosliligi hamda adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari koʻrib chiqilgan. Shuningdek, birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish (protest bildirish) hamda sud qarori va ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish (protest bildirish) tartiblariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, islohotlarning mazmun-mohiyati, ularning jinoyat-protsessual huquq nazariyasi va amaliyotidagi ahamiyati hamda jinoiy odil sudlov faoliyatidagi oʻrni haqida nazariy qoidalar, tushunchalar va fikr-mulohazalar oʻrin olgan. Shu bilan birga, fuqarolik sud hujjatlarini qayta koʻrish instansiyalarining oʻzaro munosabati va ushbu tartib-taomillarning qiyosiy tahlili ham keltirilgan. …

Xaliqulov Komoliddin Nosirovich

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi

Annotatsiya
Mazkur maqolada xorijiy davlat sud hukm(qaror)larini tan olish va ijro etishda davlatlararo munosabatlarni tartibga solishda xalqaro shartnomalarning ahamiyati tahlil qilingan. Muallif tomonidan universal, mintaqaviy va ikki tomonlama xalqaro shartnomalar orqali davlatlararo huquqiy munosabatlarni tartibga solish ko‘rib chiqilgan. Xususan, universal, mintaqaviy va ikki tomonlama xalqaro shartnomalarga to‘xtalib, ularning har biri xorijiy davlat hukm(qaror)larini tan olish va ijro etish jarayonida o‘ziga xos xususiyatlari yoritib berilgan. Jumladan, xorijiy davlat sud hukm(qaror)larini tan olish va ijro etishda davlat suvereniteti, milliy manfaatlar va jinoyatdan olingan daromadlarni musodara qilish kabi masalalar xalqaro hamkorlik doirasida yoritilgan. …

Yuldashev Maqsud Mamasoliyevich

Bojxona qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimi, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasida bojxona organlarini korrupsiyasiz sohaga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari va amaliy samaradorligi, bugungi keng tarqalgan xalqaro tajriba, xususan, G20 mamlakatlari, BMT konvensiyalari va komplayens-nazorat tizimining afzalliklari oʻrganilgan. Muallif AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Qozogʻiston va Sloveniya kabi davlatlarning bojxona sohasida korrupsiyaga qarshi samarali modullarini tahlil qilgan. Ushbu davlatlarning tanlab olinishida tadqiqotchi tomonidan soʻnggi yillarda Bojxona qoʻmitasi rahbariyatining tashrif buyurayotgan davlatlar va hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan bojxona maʼmuriyatlarining ilgʻor natijalariga tayanilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–122-son Farmoni asosida qabul qilingan “Bojxona organlarini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish” dasturidagi 40 ta chora-tadbir va ularning ijro holati baholangan. …

Djumaniyazova Dilfuza Kamalovna

Toshkent davlat yuridik universiteti Umumtaʼlim fanlar va madaniyat kafedrasi dotsenti, falsafa fanlari nomzodi

Shayakubov Shomansur Shakabilovich

Toshkent davlat yuridik universiteti Umumtaʼlim fanlar va madaniyat kafedrasi mudiri oʻrinbosari, tarix fanlari nomzodi

Annotatsiya
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023-yil 11-aprelda “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan “Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolarini hal qilishga koʻmaklashuvchi yuridik klinika faoliyatini yoʻlga qoʻyish” loyihasi doirasida tayyorlandi. Ushbu maqolada Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 16–21 yoshdagi ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalari asosida ijtimoiy xavf guruhiga mansub yoshlarning ruhiy-emotsional holati, jamiyatdagi oʻrni va psixologik ehtiyojlari tahlil qilindi. Tadqiqot doirasida yoshlarning stress, depressiya, ijtimoiy izolyatsiya, tushunmovchilik, qonunbuzarlikka moyillik, oʻzini yolgʻiz his qilish, psixologik yordamga ehtiyoj kabi koʻrsatkichlari atroflicha oʻrganildi. Soʻrov natijalari yoshlarning katta qismi ijtimoiy faol muhitda boʻlishiga qaramasdan, maʼlum qismida ruhiy iztirob, eʼtirof etilmaslik, qoʻllab-quvvatlov yetishmasligi va ichki zoʻriqishlar mavjudligini koʻrsatdi. …