Yurisprudensiya

1-son 2026-yil

Eshturdiyeva Farangiz Baxodir qizi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodim

Annotatsiya
Maqolada huquqiy boʻshliq fenomeni va uni bartaraf etish masalalari atroflicha nazariy hamda amaliy tahlil qilingan. Tadqiqotda huquqiy boʻshliqlar huquq tizimning rivojlanish jarayonida vujudga keladigan obyektiv va murakkab hodisa sifatida baholanib, ularning fuqarolik qonunchiligida namoyon boʻlish shakllari ochib berilgan. Maqolaning maqsadi huquqiy boʻshliqlarni aniqlash mezonlari va turlarini ilmiy asoslash, milliy va xorijiy huquqshunoslik doktrinasida shakllangan yondashuvlarni qiyosiy tahlil qilish hamda Oʻzbekiston fuqarolik qonunchiligi misolida huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishning aniq huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy-huquqiy, normativ-huquqiy va doktrinal usullardan foydalanilgan. Mahalliy va xorijiy olimlarning huquqiy boʻshliqqa oid qarashlari umumlashtirilib, fuqarolik qonunchiligida shaxsiy nomulkiy huquqlar, shaxsiy hayot daxlsizligi, tasvirlar va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish bilan bogʻliq huquqiy boʻshliqlar aniqlangan. Maqolada huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan aniq normativ-huquqiy va institutsional tavsiyalar ilgari surilib, huquqiy monitoringni kuchaytirish, rekodifikatsiya jarayonlarini takomillashtirish, qonun ijodkorligida huquqiy boʻshliqlarni barvaqt aniqlash mexanizmlarini joriy etish zarurligi asoslantirilgan. …

Nosirov Sherzod Shermatovich

Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti

Annotatsiya
Mazkur maqolada transchegaraviy to‘lovga qobiliyatsizlik huquqining shakllanishi, mazmuni va asosiy muammolari tahlil qilinadi. Globalizatsiya va xalqaro iqtisodiy aloqalarning kengayishi natijasida bankrotlik jarayonlarining bir nechta davlatlarni qamrab olishi tobora ko‘proq uchramoqda. Maqolada universalizm va territorializm nazariyalari, ularning afzallik va kamchiliklari, shuningdek, davlatlar o‘rtasida hamkorlik va muvofiqlashtirishning ahamiyati yoritilgan. Xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan huquqiy standartlar va zamonaviy yondashuvlar alohida tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari transchegaraviy to‘lovga qobiliyatsizlik huquqini takomillashtirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda amaliyotda samarali huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqishda ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. …

Abdullayev Komiljon Istatillo oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqolada xalqaro hamkorlik kontekstida bulutli texnologiyalarni huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Turli huquqiy tizimlarda bulutli xizmatlarni tartibga solishning asosiy yondashuvlari tahlil qilingan, mavjud huquqiy tartibga solishdagi asosiy muammolar va qarama-qarshiliklar aniqlangan. Xalqaro amaliyot va statistik maʼlumotlarni har tomonlama tahlil qilish asosida bulutli texnologiyalarni huquqiy tartibga solishning eng samarali mexanizmlari belgilab olindi. Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlikni taʼminlash va yurisdiksiya nizolarini hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bulutli texnologiyalarni tartibga solish sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish va bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq tavsiyalar taklif etilmoqda…..

Avliyoqulov Bekmirza Bektemirovich

Toshkent davlat yuridik universiteti Ommaviy huquq fakulteti tyutori

Annotatsiya
Juda tez surʼatlar bilan oʻsib borayotgan global iqtisodiy munosabatlar, savdo va ishlab chiqarish jarayonlari bilan bogʻliq faoliyatlar natijasida yuzaga kelayotgan nizolar va ularning samarali yechimlarini ishlab chiqish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tadqiqot ishi bu kabi muammolarni hal qilishning huquqiy asoslarini ishlab chiqishda xalqaro xususiy huquqning roli qanchalik muhimligini ilmiy faktlar, nazariy tahlillar va amaliy misollar yordamida ochib beradi. Shuningdek, ushbu maqolada sohaga taalluqli raqamli iqtisodiyot va hududiy savdo bitimlari kabi hozirgi kundagi masalalar tadqiq qilinib, ushbu zamonaviy muammolarni hal qilishda xalqaro xususiy huquq vositalarining moslashuvchanligi ham oʻrganilgan. ….

Mamadiyev Abror Abduraxmon oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti Uzluksiz taʼlim boʻlimi bosh mutaxassisi

Annotatsiya
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqlarini himoya qilishning kompensatsiyaviy mexanizmlari tahlil qilingan. Mamlakatda intellektual mulk huquqlarini samarali himoya qilish tizimini yaratish innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni taʼminlashda katta ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotda intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga oid milliy qonunchilikdagi mavjud kamchiliklar oʻrganildi. Xorijiy mamlakatlar sud amaliyotidan olingan misollarda yuqori miqdordagi kompensatsiyalarning preventiv ahamiyati koʻrsatildi. Shartli kompensatsiya miqdorlarini oshirish, uchlamchi kompensatsiya institutini joriy etish, isbotlash yukini yengillashtirish, maxsus intellektual mulk sudlarini tashkil etish, sudyalar va ekspertlarni tayyorlash hamda jamiyatda intellektual mulk madaniyatini shakllantirish boʻyicha amaliy takliflar berildi. Shuningdek, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirishga oid fikrlar ilgari surildi. …

Rahmatov Azizbek Iskandar o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqola tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning an’anaviy usullari (bank krediti, lizing) moslashuvchanlik va innovatsion loyihalardagi xavfni qabul qilishda yetarli emasligi sharoitida mezonin moliyalashtirish kabi noan’anaviy, gibrid vositaning o‘rnini o‘rganishga qaratilgan. Mezonin qarz va kapital elementlarini birlashtirib, kompaniyalarga mavjud aksiyadorlik ulushini kamaytirmasdan katta hajmda kapital jalb qilish imkonini beradi va bankrotlik holatida ustuvorlikda yuqori kreditor va aksiyadorlar orasidagi o‘rta o‘rinni egallaydi. Tadqiqotning asosiy qismi mezoninning huquqiy tartibga solinishini qiyosiy tahlil qilishdan iborat. AQShda bu mexanizm Yagona tijorat kodeksi va 1933-yilgi Qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonun doirasida tartibga solinadi, bunda eng muhimi – mezonin kreditorning aksiya/ulush garovini tezkor va sudsiz musodara qilish huquqidir. Buyuk Britaniyada esa, “Companies Act 2006”, “Insolvency Act 1986” va “FSMA 2000” qoidalari mezoninning tuzilmaviy bo‘ysunishini tasdiqlaydi va uning professional faoliyatini litsenziyalashdan istisno qiladi. Maqolada mezonin bitimining asosiy ishtirokchilari – qarz oluvchi, yuqori kreditor va mezonin kreditor o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, ularning navbati, garov obyekti (aksiyalar/ulushlar) va daromad talablari batafsil ochib berilgan. …

Saidova Nigoraxon Akmal qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Mazkur maqolada elektron shartnomalarni tuzish jarayonida vositachi sifatida ishtirok etuvchi onlayn platformalarning huquqiy maqomi tahlil qilindi. Tadqiqot doirasida axborot vositachilarining fuqarolik-huquqiy munosabatlardagi oʻrni va fuqarolik javobgarligini belgilashga doir zamonaviy ilmiy munozaralar oʻrganildi. Muallif garchi onlayn platformalar dastlab xolis axborot vositachisi sifatida qabul qilingan boʻlsa-da, ularning savdo qoidalarini belgilash, shartnomaviy munosabatlarni standartlashtirish va bitimlar tuzish jarayonlariga faol taʼsir koʻrsatishda ishtiroki ortib borishi natijasida ushbu yondashuvning cheklanganini koʻrsatib beradi. Maqolada onlayn platformalar, sotuvchilar va xaridor oʻrtasidagi munosabatlar fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan tahlil qilinib, platforma javobgarligini belgilashda funksional yondashuvni qoʻllash zarurligi asoslanadi. Tadqiqot asosan Yevropa Ittifoqi direktivalariga tayangan qiyosiy-huquqiy tahlil metodi asosida olib borildi, bunda onlayn platformalarning javobgarligiga oid tegishli sud amaliyotiga havola qilindi. …

Isanov Xolmurod Ruziyevich

Toshkent davlat agrar universiteti Huquqshunoslik kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar doktori

Annotatsiya
Ushbu maqolada qishloq xoʻjaligi sohasini huquqiy tartibga solish bilan bogʻliq muammolar ilmiy tahlil qilingan. Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasining asosiy subyektlari hisoblangan fermer xoʻjaliklari va klasterlar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar tizimi, ushbu subyektlarning huquq va majburiyatlari, ularning huquqiy maqomi va javobgarligi toʻgʻrisida huquqshunos olimlar bildirgan ilmiy-nazariy qarashlar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasiga oid Yevropa Ittifoqi va milliy qonunchilik normalari tahlil qilingan. Milliy huquq doktrinasida fermer xoʻjaliklari va klasterlar oʻrtasida yuzaga keladigan munosabatlarning huquqiy tabiati har tomonlama tadqiq etilmagani, ushbu subyektlar faoliyatiga davlat organlarining noqonuniy aralashishlari mavjudligi, klasterlar huquqiy maqomiga nisbatan yagona yondashuvning shakllanmagani, fermer xoʻjaliklari huquqiy himoyasini kuchaytirish, xususan, ularning mol-mulki daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish lozimligi toʻgʻrisida fikrlar bildirilgan. Klasterlar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan “Klasterlar va klaster faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish, shuningdek, ushbu qonunda klaster tushunchasi, uning faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartib-taomillari, huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, shuningdek, klaster taʼsischilari tarkibini belgilash va ular oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solish boʻyicha xulosalar ishlab chiqilgan. …

Bazarbaeva Shaxlo Raximovna

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi

Sobitova Umidaxon Murod qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura sho‘basi oʻqituvchisi, mustaqil izlanuvchi

Annotatsiya
Maqolada qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi sud hamda huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasidagi hamkorlikning ahamiyati va oʻziga xos xususiyatlari koʻrib chiqilgan. Shuningdek, ushbu organlarning tuzilmasi, funksiyalari va oʻzaro aloqasi hamda ularning huquqiy davlatni barpo etishdagi roli tahlil qilingan. Tadqiqotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonlarida belgilangan asosiy yoʻnalishlar aks ettirilgan boʻlib, ularda sud-huquq tizimini isloh qilish va adolat prinsipini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Maqolada sudlar, prokuratura va inson huquqlari himoyasini taʼminlovchi boshqa institutlarning kelishilgan va muvofiqlashtirilgan harakatlari zarurligi taʼkidlangan. Ushbu organlarning samarali hamkorligi fuqarolarning huquqqa va davlat institutlariga boʻlgan ishonchiga asoslangan demokratik jamiyatni shakllantirishning muhim sharti ekanligi qayd etilgan. …

Abbosov Mirsulton Mirsharof oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqolada sun’iy intellekt tizimlari va avtonom texnologiyalar jadal rivojlanishining jinoyat-huquqiy munosabatlarga ta’siri, shuningdek, sun’iy intellekt va uning asosida ishlaydigan texnologiyalarning jinoyat-huquqiy tartibga solish sohasidagi o‘rni va roli hamda bu bilan bogʻliq dolzarb muammolar tahlil qilingan. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt ishtirokidagi ijtimoiy xavfli qilmishlar uch guruhga tasniflanib, bunda sun’iy intellektning jinoyat quroli sifatidagi roli hamda uning mustaqil qaror qabul qilishi bilan bogʻliq holatlar alohida koʻrib chiqilgan. Ishda sunʼiy intellektning kvazisubyekt sifatidagi huquqiy maqomini aniqlash taklif etilgan va texnologik ishtirokchilik tushunchasi ko‘rib chiqilgan. Raqamli transformatsiya sharoitida xalqaro jinoyat huquqini unifikatsiya qilish, shuningdek, texnologik taraqqiyot va inson huquqlarini himoya qilish oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash zarurati asoslantirilgan. …

Bazarova Dildora Baxadirovna

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoiy odil sudlov fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori, professor

Annotatsiya
Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 95- va 95¹-moddalari tahlili asosida jinoyat protsessida ichki ishonchlilik asosida dalillarga baho berishning nazariy muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ichki ishonchlilik tushunchasi tahlil qilinib, dalillarni baholash mezonlari (nisbiylik, maqbullik, ishonchlilik, yetarlilik) tadqiq etilgan va ularning qo‘llanishi bilan bog‘liq muammolar aniqlangan. Dalillarni nomaqbul deb topish asoslari, jumladan, qiynoqlar orqali olingan dalillar, soxtalashtirilgan dalillar, himoya huquqini buzgan holda olingan dalillar, shuningdek, mutaxassis ishtirokisiz olingan elektron ma’lumotlarga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi 2024-yilgi yangi qoida batafsil ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining statistik ma’lumotlari asosida 2020–2025-yillar davomida oqlov hukmlari ulushining kamayishi aniqlandi, bu esa sudyalarning ichki ishonchini shakllantirishda ayblovga moyillik mavjudligidan dalolat berishi mumkin. Qiyosiy-huquqiy tahlil dalillarni baholashning kontinental va anglo-amerika modellarining afzalliklari va kamchiliklarini aniqladi. ….

Kolenko Yevgeniy Vyacheslavovich

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshligʻining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, professor

Ahmadov Alimardon Axmadovich

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Ilmiy-amaliy markazi prokurori

Annotatsiya
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida kriptoaktivlarning keng koʻlamli moliyaviy va korrupsiyaga doir jinoyatlarni, jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va noqonuniy aktivlarni qoʻlga kiritish vositasi sifatidagi roli tahlil qilindi. Kriptovalyutalar va boshqa virtual aktivlarning markazlashtirilmagan tabiati, anonimligi hamda transmilliy xususiyatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tartibga soluvchi idoralar uchun qanday yangi muammo va qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgani ham maqolada oʻrganildi. BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC), FATF tavsiyalari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Kriptoaktivlar toʻgʻrisida hisobot berish tizimi (CARF) kabi xalqaro huquqiy asoslarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligining zamonaviy huquqiy taʼriflar, litsenziyalash talablari va kriptoaktivlardan foydalangan holda amalga oshiriladigan jinoiy faoliyat uchun javobgarlik mexanizmlarini oʻz ichiga olgan qoidalari koʻrib chiqildi. Maqolada, shuningdek, kriptoaktivlar aylanmasining regulyatorlik, kriminalistik va kriminologik jihatlari boʻyicha ham xalqaro, ham oʻzbekistonlik olimlarning ilmiy qarashlari sharhi taqdim etildi. ….

Ahmadjonov Murodullo Nurali oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi, Namangan viloyati Kosonsoy tumani prokurorining yordamchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada korrupsiya boʻyicha amalga oshirilgan xorijiy tadqiqotlar tahlil qilinib, korrupsiyaviy jarayonlar va ulardan kelib chiqadigan xavf-xatarlarning rivojlanayotgan mamlakatlarda demokratik institutlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga koʻrsatadigan salbiy taʼsiri batafsil muhokama qilinadi. Tadqiqot davomida korrupsiyaning poraxoʻrlik, bozor va tizimli shakllari oʻzaro taqqoslanib, ularni vujudga keltiruvchi zaif siyosiy mexanizmlar, haddan tashqari byurokratik toʻsiqlar hamda iqtisodiy tengsizlik kabi omillar tanqidiy yondashuvda yoritiladi. Shu bilan birga, maqolada korrupsiya va taraqqiyot oʻrtasidagi murakkab oʻzaro bogʻliqlik ochib berilib, korrupsiya demokratik jamiyatning asoslarini yemiruvchi kuch ekaniga alohida urgʻu beriladi. Shuningdek, korrupsiyani kamaytirishda aholining faol ishtiroki, ochiqlik tamoyillari hamda davlat xizmatchilarining halolligi asosiy omillar sifatida koʻrsatib oʻtiladi. Tadqiqotda faqat jazoga tayangan yondashuvlar samarasizligi tanqid qilinib, muammoning ildizini yoʻqotishga qaratilgan tizimli islohotlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlanadi. Xususan, Gonkongning ICAC tashkiloti misolida korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari va ularning amaliy natijalari koʻrib chiqiladi hamda korrupsiya xavfini kamaytirishda davlatning faqat jazolovchi funksiyasidan koʻra boshqaruv tizimlaridagi institutsional kamchiliklarni isloh qilish muhimroq ekani qayd etiladi. ….

Mo‘minov Asilbek Husniddin o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari sho‘basi o‘qituvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada raqamli transformatsiya sharoitida shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishni asosiy inson huquqi sifatida ta’minlash borasida turli xorijiy davlatlar tajribasi qiyosiy-huquqiy tahlil qilingan. Tadqiqotda Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Markaziy Osiyo davlatlarining milliy qonunchilik tizimlarida shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi, ma’lumot subyekti huquqlari hamda raqamli muhitda inson huquqlarini ta’minlashga oid yondashuvlar taqqoslangan. Maqolada turli huquqiy oilalarga mansub davlatlarning raqamli huquqlarni tartibga solish modellari hamda institutsional tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan. Muallif xalqaro inson huquqlari standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning eng samarali usullarini aniqlash maqsadida qiyosiy tahlil metodologiyasidan foydalangan. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi. ….