KORRUPSIYA: TAHLIL VA CHORALAR
Ahmadjonov Murodullo Nurali o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi, Namangan viloyati, Kosonsoy tuman prokurorining yordamchisi
Muallif haqida ma'lumot
Annotatsiya
Korrupsiyaga qarshi kurash global miqyosdagi siyosiy harakatga aylangan va katta miqdordagi moliyaviy mablag‘lar bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lsa-da, mazkur amalga oshirilayotgan harakatlarning samaradorligi, ayniqsa, rivojlanayotgan va postkommunistik davlatlarda, hanuzgacha cheklanganligicha qolmoqda. Ushbu maqolada bunday holatning asosiy sababi – korrupsiyaning siyosiy va tizimli ildizlari, ya’ni partikulyarizm deb nomlanuvchi tizim yoritib beriladi. Mazkur partikulyarizm tizimida davlat resurslari adolatli va xolis qoidalarga emas, balki tanish-bilishlik va guruh manfaatlariga asoslangan tarzda taqsimlanadi. Bunday sharoitda korrupsiya istisno emas, balki siyosiy tuzumning ajralmas qismiga aylanadi, elita ittifoqlari va norasmiy ta’sir tarmoqlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Shu bilan birga, tadqiqotda G‘arb andozasidagi islohot modellarining ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ta’kidlanadi, chunki mazkur modellarda o‘tish davridagi va gibrid siyosiy tizimlarning murakkab haqiqatlari hisobga olinmaydi. Bundan tashqari, maqolada turli davlatlar misolida olib borilgan taqqoslama tahlilga asoslanib, mahalliy sharoit va siyosiy dinamikaga moslashgan strategiyalarni ishlab chiqish zarurligiga alohida urg‘u beriladi. Mazkur maqolada, korrupsiyadan holi bo‘lgan barqaror islohotga erishish uchun partikulyar tizimlarni demontaj qilish adolat va tenglik me’yorlarini targ‘ib qilish, fuqarolik jamiyati vakillarini faollashtirish zarurligiga asosiy e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada uzoq muddatli choralarni, ya’ni xalqaro hamkorlik, jamoatchilik nazorati va ishtiroki hamda axloqiy xatti-harakatlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlari ilgari suriladi. Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish demokratlashtirish va modernizatsiya jarayonlarining kengroq kontekstida olib borilishi zarur. Aks holda, hech bir islohot amalda samarali yoki barqaror natijalar bermaydi.
Kalit so'zlar
demokratlashtirish, jamoatchilik ishtiroki, korrupsiyaga qarshi tashabbuslar, adolat va tenglik, modernizatsiya, postkommunistik davlatlar, partikulyarizm
Iqtibos uchun
For citation: