JINOYAT TARKIBI TO‘G‘RISIDAGI TA’LIMOTNING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHIDA JINOYAT OBYEKTIV TOMONI BELGILARINING O‘RNI: QIYOSIY TAHLIL
Xudoyqulov Feruzbek Xurramovich
Toshkent davlat yuridik universiteti, Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsent vazifasini bajaruvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Muallif haqida ma'lumot
Iqtibos uchun
For citation:
Annotatsiya
Mazkur maqolada tadqiq etishning mantiqiylik, tizimlilik, mantiqiy-yuridik, qiyosiy-huquqiy metodlaridan keng foydalanilgan. Jumladan, birinchi navbatda, jinoyat tarkibi to‘g‘risidagi ta’limotning shakllanishi va uning tarixiy rivojlanish bosqichlari haqida atroflicha bayon qilingan. Shuningdek, jinoyat tarkibi to‘g‘risidagi ta’limotning shakllanishida jinoyatning obyektiv tomoni belgilari asosiy o‘rinni egallaganligi va ular haqida jinoyat huquqi nazariyasida olimlar tomonidan bildirilgan fikrlar, qarashlar yoritilgan bo‘lib, undan so‘ng esa jinoyat obyektiv tomoni belgilari asosida nemis klassik jinoyat huquqi maktabida jinoyat tarkibining boshqa subyektiv belgilari ishlab chiqilganligi va ularning o‘ziga xos xususiyatlari ketma-ket tavsiflab berilgan. Shu bilan birga, zamonaviy jinoyat huquqi nazariyasida mavjud jinoyat tarkibi tushunchasi ishlab chiqilishida jinoyat obyektiv tomoni belgilarining o‘ziga xos ahamiyati o‘rganilgan. Ushbu maqolada tadqiq etishning deduksiya metodi asosida jinoyat tarkibi to‘g‘risidagi ta’limot asosi sifatida jinoyatning obyektiv tomoni belgilari, ya’ni corpus delicti (Qadimgi Rim huquqida) – qonun tarkibi (klassik nemis jinoyat huquqida) – jinoyat tarkibi tushunchasi (XIX–XX asrning 50–60-yillarida) to‘g‘risidagi jinoyat huquqida mavjud nazariy-ilmiy qarashlar o‘z aksini topgan. Shuningdek, jinoyat obyektiv tomoni belgilarining jinoyat tarkibi to‘g‘risidagi ta’limot va jinoyat tarkibi tushunchasi shakllanishi hamda rivojlanishida tutgan o‘ziga xos o‘rni, ularning o‘ziga xos jinoyat-huquqiy ahamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida keltirilgan javobgarlikning yagona asosi sifatida jinoyat tarkibi belgilari bilan bog‘liq nazariy va amaliy muammolar yoritilgan. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Moldova jinoyat qonunchiligi tahlil qilinib, bu borada O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Kalit so'zlar
jinoyat, corpus delicti, jinoyat tarkibi, jinoiy qilmishning tashqi belgilari, jinoyat tarkibining obyektiv belgilari, jinoyatning obyektiv tomoni belgilari, ijtimoiy xavfli qilmish, jinoyat sodir etish usuli.