Yurisprudensiya

6-son 2023-yil

Ushbu sonda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag‘ishlanadi

Hayitov Sherzod Raxmatullayevich

Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi dotsenti v.b., PhD

Annotatsiya
Ushbu maqolada huquqiy eksperiment tushunchasi, uning turlari hamda tasnifi, shuningdek, huquqiy eksperimentni o‘tkazish bosqichlari milliy va xorij tajribasi asosida tahlil qilingan. Jumladan, huquqiy eksperimentni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni uch bosqichda amalga oshirish taklif etilgan bo‘lib, eksperiment o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan subyektlar doirasi ham milliy qonunchilik asosida yoritilgan. Huquqiy eksperiment o‘tkazilishi davlat siyosatining, islohotlarining tegishli sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, undan foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar, huquqiy eksperiment ta’rifidan uning samaradorligi va natijadorligini baholashda muhim bo‘lgan asosiy xususiyatlari ajratib ko‘rsatildi. Huquqiy eksperimentning har bir bosqichi mustaqil vazifalar va harakatlar natijalarini aks ettiruvchi hamda mustahkamlovchi muayyan harakatlar va protsessual hujjatlar bilan tavsiflanishi, uning ahamiyati hamda muhimligi asoslantirildi. …

Madiyev Faxriddin Xoshim oʻg‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi katta oʻqituvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi tushunсhasi va uning huquqiy tabiati nazariy tahlil qilingan. Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi, jamiyat hayotida raqamli texnologiyalarning keng joriy qilinishi fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlash borasida ilmiy tadqiqotlar olib borishni taqozo etmoqda. Shu bois shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi tushunchasini konseptual, ilmiy-metodologik jihatdan oʻrganish, tahlil etish lozim. Insonning yashash huquqi, uy-joy daxlsizligi, yozishmalar siri, vijdon erkinligi kabi tabiiy huquq va erkinliklar davlat tomonidan berilmaydi, balki tugʻilganidanoq shaxsga tegishli hisoblanadi.

Ilxombekov Jasurbek Ilxombek oʻgʻli

Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi oʻqituvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada global tarmoqdan axborot olish jarayonida vujudga kelishi mumkin boʻlgan bir qator muammolar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Asosiy urgʻu Internetdan foydalanish jarayonida vujudga keladigan salbiy oqibatlarni huquqiy tartibga solish masalalariga qaratilgan. Ilmiy maqolada axborotga boʻlgan huquqni tartibga solish va bu borada konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish nuqtayi nazaridan ahamiyatga ega boʻlgan masalalar tahlil qilingan. Internetning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, axborotga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqqa muayyan tahdidlar mavjudligi, shu sabab tarmoqda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi takomillashtirish zarur boʻlgan yoʻnalishlar sanab oʻtilgan. …

Kuatbek Gulnar Kuatbekovna

Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil izlanuvchisi

Annotatsiya
Maqolada O‘zbekiston va Qozog‘istonda mahalliy hokimiyat vakillik organlarining internet resurslarini yuritish, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslari qiyosiy-huquqiy tahlil qilingan. O‘rganishlar natijasida ayrim mahalliy hokimiyat vakillik organlarining veb-saytlarida qonun hujjatlarida belgilangan barcha ma’lumotlar, jumladan, ularning majlislari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi, yig‘ilishlar translyatsiyasi ta’minlanmagani, ayrim ma’lumotlar yangilanmagani, majlislarni translyatsiya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalanilmayotgani aniqlandi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatini ularning xususiyatlarini hisobga olgan holda tasdiqlash zarurligi faraz qilindi. …

Amirov Sanjar Ilyos o‘g‘li

Qashqadaryo viloyati yuridik texnikumi o‘qituvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada konstitutsionalizmning nazariyalari va tushunchalari, shuningdek, butun dunyodagi konstitutsiyaviy boshqaruvning xususiyatlari hamda amaliyoti ilmiy nazariy jihatdan ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, jahon mamlakatlarining hozirgi demokratik erkinliklarga erishish bosqichigacha bo‘lgan tarixiy jarayonda konstitutsionalizmning tutgan o‘rni, uning davlat hokimiyatining tashkil etilishidagi tayanch tushuncha bo‘lgani tadqiq etiladi. Hozirgi globallashgan dunyoda davlat va huquqning tashkil etilishi masalalari nuqtayi nazaridan konstitutsionalizm har qanday rivojlangan mamlakatlarning poydevori va asosi ekanini tushunib olishimiz mumkin. …

Xakberdiyev Abdumurad Abdusaidovich

Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Annotatsiya
Hakamlik sudlari, bizningcha, fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri hisoblanadi. Kuchli fuqarolik jamiyatisiz zamonaviy huquqiy davlatning mavjud bo‘lishi va faoliyat yuritishi mumkin emas. Rivojlangan Gʻarb davlatlarining tajribasi shuni koʻrsatadiki, fuqarolar va tadbirkorlar hakamlik sudlariga juda ijobiy munosabatda boʻladilar. Chunki hakamlik jarayonlari fuqarolik va iqtisodiy faoliyatdagi nizo hamda boshqa muammolarni tez hamda samarali hal qilish uchun yaratilgan. Binobarin, ayni damda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish sharoitida hakamlik sudi institutini keng rivojlantirish nihoyatda zarurdir. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, bugungi kunda vakolatli sudlardan tashqari nizolarni muqobil tartibda hal qilishda hakamlik sudlari tomonidan ham fuqarolik va iqtisodiy nizolar boʻyicha ishlarning koʻrib chiqilishida turli muammolar uchrab turibdi. …

Karimova Madina Mirzadjanovna

TDYU qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisi

Annotatsiya
Ushbu ilmiy maqolada notariusning turli funksiyalari va ularning zamonaviy huquqiy davlatda amaliyotda qo‘llanishi ko‘rib chiqiladi. Muallif davlat huquqiy tizimi bilan bog‘liq holda notarial funksiyalarning mazmuni va maqsadli yo‘nalishini ochib beradi. Tadqiqotning dolzarbligi notariusning vazifalarini zamonaviy axborot jamiyati rivojlanishi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqishdan iborat, chunki u fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi, huquqlarni himoya qilish mexanizmlarini amalga oshiradi. Fuqarolik bitimlari ishtirokchilarining soni doimiy ravishda yangilanadi va takomillashtiriladi. …

Jalilova Sardora Abduroziq qizi

Qashqadaryo viloyati yuridik texnikumi oʻqituvchisi

Annotatsiya
Ushbu maqolada milliy qonunchiligimizda mediatsiya institutining umumiy tavsiflari va ushbu sohada aniqlangan muammolar yoritilgan. Mediatsiya institutiga nisbatan milliy va Yevropa huquqshunoslarining qarashlari va tahlillari keltirib oʻtilgan. Shuningdek, maqolada nizolarni muqobil hal etishning boshqa usullari ham keltirib oʻtilgan. Hamda mediatsiya institutining dastlab qaysi mamlakatlarda shakllanganligi va qay usulda ushbu institut rivojlanganligi, shuningdek, bugungi kunda ushbu institutning nizolarni hal qilishda koʻrsatayotgan roli haqida ham tahlillar keltirilgan. …

Xamidova Mahbuba Alijanovna

TDYU qoshidagi akademik litseyning Huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, dotsent, yuridik fanlar nomzodi

Annotatsiya
Ushbu maqolada atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi yechimlar uchun kelajakda kutilayotgan chora-tadbirlar va voqealar muhokama qilinadi. Bu dolzarb ekologik muammolarni hal qilish uchun faol yondashuvlar va hamkorlik zarurligiga urg‘u beradi. Maqolada barqaror rivojlanish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro shartnomalar va konferensiyalar kabi asosiy e’tibor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, atrof-muhit muammolarining kelajakdagi yechimlarini shakllantirishda texnologiya, ta’lim va siyosat islohotlarining roli tahlil qilinadi. …

Maxmadiyarova Xumora O‘ktamovna

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudi sudyasi yordamchisi

Annotatsiya
Mazkur maqolada jinoyat ishlari bo‘yicha sud muhokamasi jarayonida taraflarning o‘zaro tortishuvini kuchaytirish, uning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan taraflar protsessual imkoniyatlaridagi tengligini ta’minlash, shuningdek, haqiqatni aniqlash jarayonida sudning o‘rnini aniqlash, uning dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash davrida faollik darajasini belgilash masalalari ayrim rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda aynan shu masalada ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan protsessualist olimlarning ilmiy qarashlari asosida tahlil etildi. Shuningdek, birinchi instansiya sud majlisida jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda sud tergovi bosqichining o‘ziga xos o‘rni, aynan taraflarning tortishuviga asoslangan sud tergovi jarayonini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan. Maqolada jinoyat protsessida sud tergovi bosqichini rivojlantirish yuzasidan xorijiy davlatlar tajribasi ham o‘rganildi. …

Norov Ilxom Ibroximovich

Regensburg universiteti doktoranti, “Markaziy Osiyoda huquqiy transfer va huquqiy rivojlanish” kichik ilmiy guruhi a’zosi

Annotatsiya
Ushbu ilmiy maqola Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish idoralarining koʻp qirrali koʻlamini, ularning samaradorligi va ta’sirini belgilovchi dinamik jihatlarni oʻrganadi. Mintaqaning o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy manzarasi fonida biz korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralar tomonidan qo‘llanadigan tarkibiy tuzilmalar, huquqiy mexanizmlar va operativ strategiyalarni ko‘rib chiqamiz. Institutsional tuzilmalar va tartibga solish muhitini har tomonlama tahlil qilish asosida tadqiqotimiz ushbu agentliklar duch keladigan muammolar va imkoniyatlarni yoritib beradi. Korrupsiyaga qarshi islohotlarni amalga oshirish Markaziy Osiyo mamlakatlarida turlicha boʻlib, bu mas’uliyat turli davlat organlariga yuklangan. …

Matenov Rashid Bekimbetovich

Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti v.b.

Annotatsiya
Zamonaviy pedagogika so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan va bugungi kunda ham davom etayotgan ta’lim makonidagi o‘zgarishlarni qayta ko‘rib chiqishi kerak. Jamiyat pedagogik faoliyatning sifat jihatidan yangi xususiyatlariga muhtoj. Tanqidiy fikrlash qobiliyati rivojlangan erkin ijodiy shaxs konstruktiv va ijodiy faoliyatga qodir. Aynan til ko‘nikmalari zamonaviy dunyoning o‘zgaruvchan voqealarida shaxsning tanqidiy fikrlashini rivojlantirishga yordam beradi va bu o‘z navbatida, mutaxassislik bo‘yicha o‘quv materialni to‘g‘ri idrok etishga yordam beradi. …